Tashkent Hyatt Regency mehmonxonasida tashkillashtirilgan “Mehnat sohasi istiqboli: Xalqaro mehnat tashkilotining 100 yilligi arafasida munosib bandlikni ta'minlashga qaratilgan sa'y-harakatlar” mavzusidagi xalqaro konferensiyaning dastlabki yalpi majlisi bo‘lib o‘tdi.

Konferensiya kun tartibidan aholi bandligini ta'minlash, munosib ish o‘rinlarini yaratish, ijtimoiy himoya va xavfsiz mehnat migratsiyasi tizimini yanada takomillashtirish kabi dolzarb masalalar o‘rin olgan.

Xususan, “Munosib mehnat, bandlik va XMTning mehnat sohasi istiqboliga oid asosiy mezonlari” mavzusida o‘tkazilgan birinchi yalpi majlisda Xalqaro mehnat tashkilotining “Uchinchi tomon monitoringi” faoliyati doirasida amalga oshirilgan ishlar, jumladan, bolalar mehnati va majburiy mehnatga qarshi kurashish, norasmiy bandlikni muvofiqlashtirish, aholining ishsiz qatlamini, ayniqsa, ayollar va yoshlarni munosib ish o‘rinlari bilan ta'minlash va bu borada XMT bilan faol hamkorlik aloqalarini davom ettirish singari dolzarb masalalar xususida fikrlar bildirildi.

Majlisning asosiy spikerlari sifatida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Tanzila Norboyeva, Afg‘oniston Islom Respublikasi Mehnat, ijtimoiy ta'minot va nogironlar ta'minoti vaziri Fayzulloh Zaki, XMTning Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari Mintaqaviy byurosi direktori Xayns Kyoller va O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirining birinchi o‘rinbosari Erkin Muxitdinov ishtirok etdi. Majlisda moderatorlik vazifasini O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Sherzod Kudbiyev bajardi.

O‘zbekistonning mehnat sohasi bo‘yicha yangi bosqichga ko‘tarilishida mazkur xalqaro konferensiyaning muhim odim bo‘lishi kutilmoqda.