Bugun 28-noyabr O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tasarrufidagi 2-sonli Toshkent yuridik kolleji binosida “Koreys-o‘zbek koreys tili markazi”ning rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 2-iyuldagi 538-F-sonli Farmoyishi hamda O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi bilan Koreya inson resurslarini rivojlantirish instituti o‘rtasida 2018-yil 8-noyabrda tuzilgan hamkorlik Memorandumiga muvofiq, Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi va Koreya malakani rivojlantirish instituti hamkorligida ilk “Koreys-o‘zbek  koreys tili markazi” tashkil etildi. 

 

Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad Koreya Respublikasida ishlash istagida bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolarini koreys tili va Koreyada eng ko‘p talab etiladigan mutaxassisliklar bo‘yicha kasblarga o‘qitish orqali ularning Koreyada munosib ish topishlariga ko‘maklashishdir.

 

Markazning rasmiy ochilish marosimi avvalida mehmonlar – Koreya Respublikasidagi O‘zbekiston elchixonasi faxriy konsuli, Koreya Respublikasidagi O‘zbekiston Savdo vakolatxonasi prezidenti, “Evergreen Motors group” kompaniyasi bosh direktori Eduard Kim, Koreya malakani rivojlantirish instituti prezidenti Kim Yon Se, delegatsiya a'zolari hamda O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri o‘rinbosari Nodirbek Yakubov boshchiligidagi vakillar o‘quvchi yoshlar va kollej ma'muriyati tomonidan tantanali ravishda kutib olindi.

Marosim yakuniga ko‘ra “Koreys-o‘zbek koreys tili markazi” singari o‘quv markazlarining bosqichma-bosqich Farg‘ona, Qarshi, Nukus va respublikaning boshqa hududlarida tashkillashtirilishi qayd etildi.