2018-yil 19-noyabr O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligida “Xususiy bandlik agentliklari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining kuchga kirishi masalalariga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Anjumanda Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Sherzod Kudbiyev, ishga joylashtirish sohasi bo‘yicha xizmatlar taqdim etuvchi DGP Research and Consulting, HR Capital Consulting, BEST JOB singari qator tashkilotlar, OAV vakillari, shuningdek, mazkur faoliyat turiga qiziqish bildirgan shaxslar ishtirok etdi.

 

Matbuot anjumanidan ko‘zlangan maqsad, 2018-yil 17-oktabrdan kuchga kirgan “Xususiy bandlik agentliklari to‘g‘risida”gi Qonunning mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazish hamda jamoatchilik bilan yanada ochiqroq muloqotni o‘rnatishdan iborat.

 

Matbuot anjumani avvalida vazir Sh.Kudbiyev munosib ish o‘rinlarini izlab topish va mavjud bo‘sh ish o‘rinlari shaffofligini ta'minlashda xususiy bandlik sektorlarining alohida o‘rin tutishini ta'kidlab, xususiy bandlik agentliklarini ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘yicha vazirlik tomonidan ishlab chiqilgan www.reestr.mehnat.uz tizimi hamda uning ishlash tartibini amalda namoyish etdi. Shundan so‘ng, ishtirokchilarni qiziqtirgan mavzuga oid masalalar bo‘yicha fikr almashildi.

Xususan, ish qidirayotgan shaxslarga ish tanlash va ishga joylashish bo‘yicha, ish beruvchilar uchun kadrlar tanlash bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatuvchi, shuningdek, ishga joylashtirish sohasida axborot va maslahat xizmatlari ko‘rsatuvchi tijorat tashkiloti, ya'ni xususiy bandlik agentligi uchun litsenziya olish talablari, xususiy bandlik agentligining vakolatlari va boshqa shu kabi masalalar yuzasidan berilgan savollarga vazir tomonidan atroflicha javob qaytarildi.

Matbuot anjumani yakunida xususiy bandlik tashkilotlari bilan O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi o‘rtasida o‘zaro manfaatli hamkorlik yuritish bo‘yicha takliflar bildirildi.