2018-yil 13-noyabr OAV va ijtimoiy tarmoqlarda Andijon viloyati hokimining joriy yil noyabr va dekabr oylarini viloyatda “ma'naviyat oyi” deb e'lon qilgan qarori tarqaldi.

Hokimning tegishli buyrug‘iga muvofiq, shu yilning noyabr oyi ikkinchi o‘n kunligida Andijon viloyatida xayriya hasharini o‘tkazish rejalashtirilmoqda.

Ma'lum qilinishicha, hashar munosabati bilan hududdagi barcha davlat va nodavlat tashkilotlar xodimlarining bir kunlik maoshi ixtiyoriy asosda viloyat hokimiyatining maxsus hisob raqamiga o‘tkaziladi. 

O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi shuni ma'lum qiladiki, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 10-maydagi “O‘zbekiston Respublikasida majburiy mehnatga barham berishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 349-son qaroriga muvofiq, davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan hasharlar quyidagi shartlarga qat'iy rioya etilgan holda faqat ixtiyoriy tarzda tashkil etiladi va o‘tkaziladi:

– umumxalq hasharini o‘tkazish to‘g‘risida faqat O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli hujjati yoki O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori mavjud bo‘lganda;

– hasharlar unda ishtirok etadigan shaxslar mehnat qiladigan tegishli tashkilot hududida mehnatni muhofaza qilish va xavfsizlik normalariga qat'iy rioya etilgan holda o‘tkaziladi;

– hasharlar doirasida barcha boshqa turdagi jamoat ishlari, shu jumladan, qurilish-ta'mirlash va qishloq xo‘jaligi ishlariga majburiy jalb etishga qat'iy yo‘l qo‘yilmagan holda obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish, ish o‘rinlarini tartibga keltirish ishlari amalga oshiriladi.

Andijon viloyati hokimiga Davlat mehnat huquq inspeksiyasining ko‘rsatmasi yuborildi:

– Andijon viloyati hokimining 2018-yil 7-noyabrdagi 207-F sonli buyrug‘ini qonunchilikka muvofiqlashtirish to‘g‘risida;

– hasharni o‘tkazish jarayonida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 10-maydagi “O‘zbekiston Respublikasida majburiy mehnatga barham berishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 349-son qarori va amaldagi qonunchilik talablariga amal qilish zarurligini inobatga olish;

– o‘n kun muddatda ko‘rilgan chora-tadbirlar to‘g‘risidagi ma'lumotlarni Davlat mehnat huquq inspeksiyasiga taqdim etish. 

Eslatib o‘tamiz, mehnatga majburiy jalb qilish holatlari kuzatilganda murojaat qilish uchun Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining +998 71 200 06 02 raqamlari va @mehnathuquqbot telegram bot ishonch tarmoqlari faoliyat ko‘rsatmoqda.