2018-yil 8-noyabr O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligida Migratsiya siyosatini rivojlantirish xalqaro markazi bilan hamkorlikda “Migratsiya observatoriyasi va o‘quv Akademiyasi. O‘zbekistondagi ekspert missiyasi” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligining mas'ul shaxslari, shuningdek, Praga jarayonining yetakchi mamlakatlaridan vakillar ishtirok etdi.

Praga jarayoni migratsiya masalalari bo‘yicha muloqotni ta'minlaydigan va Yevropa Ittifoqi, Shengen bitimi, Sharqiy hamkorlik, G‘arbiy Bolqon, Markaziy Osiyoga kiruvchi davlatlar, Rossiya va Turkiya o‘rtasida migratsiya hamkorligiga yo‘naltirilgan maqsadli siyosiy jarayon hisoblanadi.

Davra suhbati avvalida Yevropa Ittifoqiga a'zo mamlakatlar ekspertlari – Xavf-xatar va strategiya tahlili xizmati boshlig‘i Emil Nikulesku (Ruminiya), migratsiya masalalari bo‘yicha tahlil yurituvchi Timeya Cherenei (Vengriya), Ichki ishlar va administratsiya vaziri maslahatchisi Bogumil Ribak (Polsha), Yoshlar ta'limi va sport vazirligi katta xodimi Lusie Troyanova (Chexiya) O‘zbekistonga urg‘u bergan holda Yevropa Ittifoqi ekspert davlatlaridagi migratsiya holatlariga bag‘ishlangan taqdimotlari bilan chiqishdi. Mazkur taqdimotlarda aniq dalil va statistik ma'lumotlarga asoslangan migratsiya jarayonlari, u bilan bog‘liq muammo va istiqbolli yechimlari havola etildi.

O‘z navbatida, migratsiya siyosati bo‘yicha vakolatga ega bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi davlat organlarining mas'ul vakillari ham migratsiya sohasi bo‘yicha yurtimizda amalga oshirilayotgan salmoqli ishlar to‘g‘risida taqdimot qilishdi. Xususan, ekspertlar guruhiga O‘zbekistonning migratsiya siyosatidagi huquqiy asoslari, mehnat migrantlarini yuridik jihatdan qo‘llab-quvvatlash, ularning ish topishlari va ishga joylashuvlarida ko‘rsatiladigan yordam, vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun xorijga ishga ketadigan fuqarolarga ketish oldidan kasbiy tayyorgarlik va xorijiy tillarni o‘qitish bo‘yicha taqdim etiladigan treninglar va kurslar haqida ma'lumot berildi.

Davra suhbati yakunida mavzuga oid masalalar muhokama qilinib, umumiy xulosalar chiqarildi.