2018-yil 31-oktabr Buxoro shahrida O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda Xalqaro mehnat tashkilotining “Uchinchi tomon monitoringi” hamkorligida paxta yig‘im-terim kampaniyasi va majburiy mehnatga yo‘l qo‘ymaslik chora-tadbirlariga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. 

Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad majburiy mehnatga qarshi kurashishda ommaviy axborot vositalari hamda boshqa tegishli tashkilotlar faolligini oshirish, majburiy mehnatga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha hukumat tomonidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlar mazmun-mohiyatini xalqqa xolisona yetkazish va targ‘ibot ishlarini yanada kuchaytirish yo‘lida OAV vakillari bilan o‘zaro hamkorlik o‘rnatish va fikr almashishdan iborat.    

Tadbirda Xalqaro mehnat tashkilotining “Uchinchi tomon monitoringi” bosh texnik maslahatchisi Yonus Astrup, Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri o‘rinbosari Nodir Yakubov hamda “Buxoro oqshomi”, “Buxoronoma”, “Buxarskiy vestnik”, “Ishonch”, “Buxoro yoshlari”, “Istiqlol TV” va boshqa Buxoro OAV vakillari, shuningdek, Buxoro shahar Xalq ta'limi bo‘limi, Madaniyat boshqarmasi, Kasaba uyushmalari tashkilotlaridan xodimlar  ishtirok etdi.

Tadbirni Y.Astrup hozirgi kunda Xalqaro mehnat tashkiloti hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi hamkorligida majburiy mehnatga qarshi kurashish bo‘yicha O‘zbekistonda olib borilayotgan salmoqli ishlar haqidagi fikrlari bilan boshlab berdi.

Shundan so‘ng, N.Yakubov bu yilgi paxta yig‘im-terim kampaniyasi, majburiy mehnatga yo‘l qo‘ymaslik va uning oldini olish bo‘yicha davlat rahbari va hukumat tomonidan amalga oshirilayotgan aniq chora-tadbirlar, shu jumladan, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan ishga tushirilgan ishonch tarmoqlarining samaralari, qabul qilinayotgan me'yoriy-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida alohida to‘xtalib o‘tdi.

Anjumanning asosiy qismi joriy yilgi paxta mavsumida amaliyotga  tadbiq etilgan islohotlar, majburiy mehnatga qarshi kurashish jarayonida yuzaga kelayotgan muammolarga oid savol-javoblar va fikr-mulohazalarga qaratildi.

Tadbir yakunida majburiy mehnatga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha Xalqaro mehnat tashkiloti tomonidan tayyorlangan video lavha namoyish etildi.