2018-yil 29-oktabr O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi vakolatxonasi tashabbusi bilan Toshkent Xalqaro Vestminster universitetida “O‘zbekistonda barqaror bandlik: holat, muammo va ularni hal etish yo‘llari” mavzusiga bag‘ishlangan muloqot bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi, Vazirlar Mahkamasi, vazirlik va idoralar, nodavlat-notijorat tashkilotlar, Ilmiy markazlar, elchixona va xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.

Ekspertlar sifatida taklif etilgan BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori Xelena Freyzer, O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Sherzod Kudbiyev, Respublika “Oila” ilmiy-amaliy markazi direktori Dilorom Toshmuhamedova, Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti direktori o‘rinbosari Tursun Ahmedov O‘zbekistonda mehnat bozorini rivojlantirishga qaratilayotgan alohida e'tibor haqidagi fikrlar bilan muloqot jarayonini boshlab berdi.

Shundan so‘ng, mehnat va bandlik sohasi bo‘yicha O‘zbekistondagi asosiy muammolar va ularni hal etish yo‘llariga oid tahliliy ma'ruzalar taqdim etildi. Mazkur taqdimotlarda yurtimizdagi bandlik holati va shu jarayonlar bilan bog‘liq dolzarb masalalar xususida fikr yuritildi.  

 

Muloqotning ikkinchi yarmi O‘zbekistonda mehnat bozorini yanada rivojlantirish masalalari muhokamasiga bag‘ishlandi. Muhokama davomida ekspertlar guruhi o‘zlarining aniq va konseptual fikr-mulohazalarini bildirib o‘tishdi. Shuningdek, tadbir ishtirokchilari bilan fikr almashinib, mavzuga oid masalalarda savol-javoblar o‘tkazildi.