Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning O‘zbekistonga davlat tashrifi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda Mehnat va bandlik masalalari bo‘yicha federal agentlik (Rosmehnat) o‘rtasida birgalikdagi ishchi guruhini tashkil etish to‘g‘risida Qaror imzolandi.

Ishchi guruhini tashkil etishdan asosiy maqsad Rossiya Federatsiyasi Hukumati va O‘zbekiston Respublikasi Hukumati o‘rtasida O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini Rossiya Federatsiyasi hududida vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirishlari uchun uyushgan tartibda yig‘ish va jalb qilish haqidagi bitimni amalga oshirish hisoblanadi.

Eslatib o‘tamiz, 2017-yil 5-aprelda Moskvada qabul qilingan hukumatlararo Bitim mehnat migratsiyalari jarayonlarini tartiblashga, shuningdek, Rossiya Federatsiyasida vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan O‘zbekiston fuqarolarining huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga yo‘naltirilgan. 

Qarorni O‘zbekiston tomonidan Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Sherzod Kudbiyev, Rossiya tomonidan esa Mehnat va bandlik masalalari bo‘yicha federal agentlik rahbari Vsevolod Vukolov imzoladi.