Uchrashuvda ishtirok etganlar:

XMT tomonidan – janubiy-sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari bo‘yicha XMT mintaqaviy direktori Argentina Sabadosh (delegatsiya rahbari), Markaziy Osiyodagi XMT mintaqaviy vakolatxonasi rahbari Deyan Keserovich, mintaqaviy direktor yordamchisi Syuzan Arnold, O‘zbekiston bo‘yicha XMT davlat menejeri Sanjar Toshboev;

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan – vazirning birinchi o‘rinbosari E.Muxitdinov, tashqi mehnat migratsiyasi va qaytib kelgan mehnat migrantlarini reintegratsiyalash dasturi boshqarmasi boshlig‘i D.Ikromova, Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi boshlig‘i R.Ibragimov, Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi departamenti boshlig‘i R.Otaboyev, vazirlik huzuridagi “Ishga marhamat” monomarkazi direktori v.b. D.Ismoilova. 

Uchrashuv davomida quyidagi masalalar muhokama qilindi:

- 2018-yil noyabr Jeneva shahrida o‘tkaziladigan XMT kengashi majlisida ma'qullanishi nazarda tutilayotgan O‘zbekiston Respublikasining XMTga a'zo bo‘lishi;

- mehnat migratsiyasi sohasida XMT loyihalarini amalga oshirish maqsadida O‘zbekiston, Tojikiston, Qirg‘iziston va Afg‘onistonda submintaqaviy markaz sifatida faoliyat yuritadigan XMTning kamida ikkita vakolatxonasi (to‘la huquqli ofislari)ni O‘zbekistonda (Toshkent va Termiz shaharlarida) tashkil etish;

- “Ishga marhamat” monomarkazi negizida Toshkent shahrida va Surxondaryo viloyatida kamida ikkita Yevropa mamlakatlariga ketish oldidan mehnat migrantlarini ko‘niktirish markazini tashkil etish va kerakli asbob-uskunalar bilan jihozlashda XMTning ishtirok etishi. Bunda, shuningdek, Surxondaryo viloyatida Afg‘onistondan bo‘lgan mehnat migrantlarini to‘lov asosida tayyorlash nazarda tutilmoqda, bu masalaga XMT va AIR hukumati oldindan qiziqish bildirdi;

- O‘zbekistondan Polshaga uyushgan mehnat migratsiyasini kengaytirishga to‘siq bo‘layotgan masalalar (kirish uchun ishchi vizalarini taqdim etish)ni hal qilish, Chexiya va Slovakiya, shuningdek, Kanada, Avstraliya va skandinaviya davlatlariga mehnat migratsiyasi yo‘llarini rivojlantirishda XMT ko‘maklashuvi;

- MDH mamlakatlarida vaqtinchalik mehnat faoliyatida bo‘lgan fuqarolarning ijtimoiy-mehnat huquqlari muhofazasini ta'minlash bo‘yicha vazirlik tomonidan amalga oshirilayotgan ishlarda XMTning yordam ko‘rsatishi. O‘z navbatida, XMT vakillari bu kabi amaliyot Rossiya Federatsiyasining vakolatli davlat organlari bilan muzokaralar o‘tkazish yo‘li orqali Rossiya Federatsiyasida olib borilayotganini bildirdi.

XMT vakillariga uyushgan mehnat migratsiyasini rivojlantirish, xorij davlatlaridagi O‘zbekistondan borgan migrantlar ijtimoiy-mehnat huquqlari muhofazasini ta'minlash bo‘yicha vazirlik tomonidan amalga oshiriladigan ishlar, shuningdek, O‘zbekistonning XMTga a'zo bo‘lishi bilan bog‘liq tayyorgarlik chora-tadbirlari haqida ma'lumot berildi. 

A.Sabadosh xonim mamlakat Prezidenti qaroriga muvofiq, vazirlik huzurida Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi shaxslarni qo‘llab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamg‘armasini yaratish bo‘yicha O‘zbekiston tajribasi mintaqa uchun noyob ekanligini alohida ta'kidladi. Bundan tashqari, A.Sabadosh mehnat migrantlari xavfsizligini ta'minlash va huquqlarini himoya qilish bo‘yicha tashkilot tomonidan to‘plangan boy tajribani O‘zbekistonda keng qo‘llashga va'da berdi. 

O‘z navbatida, E.Muxitdinov O‘zbekistonning XMT bilan hamkorligini rivojlantirish yo‘lidagi O‘zbekiston tashabbusini qo‘llab-quvvatlagani uchun XMT delegatsiyasiga minnatdorchilik bildirib, davlatimiz tashkilotga a'zo bo‘lgach, samarali munosabatlarni yanada kuchaytirishga umid bog‘ladi.

Tomonlar O‘zbekistonning XMTga qo‘shilishi bo‘yicha maqsadli va tizimli chora-tadbirlarni amalga oshirishga qaratilgan ishlarni davom ettirish hamda mehnat migratsiyasi sohasidagi kelgusi hamkorliklar xususida kelishib oldi.