2018 yil 27 sentyabr Toshkent Xalqaro Biznes Markazida Xalqaro mehnat tashkiloti, Bandlik va mehnat munosobatlari vazirligi, O'zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi vakillari xamda huquq himoyachilarining birgalikdagi uchrashuvi bo'lib o'tdi.

Uchrashuvda Xalqaro mehnat tashkiloti vakillari Yonas Astrup, Oksana Lipkanu, shuningdek, Yelena Urlaeva, Malohat Eshonqulova, Xaitboy Yakubov, O'ktam Pardaevdan iborat huquq himoyachilari, Kasaba uyushmalari Federatsiyasi vakili Guzaliya Babaniyazova hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirining birinchi o'rinbosari Erkin Muxitdinov boshchiligidagi vazirlik mas'ul xodimlari ishtirok etdi.

Uchrashuv davomida O'zbekistonda majburiy mehnatga qarshi olib borilayotgan chora-tadbirlarning amaliy natijalari hamda bu borada yuzaga kelayotgan muammo va kamchiliklar muhokama qilindi. Xususan, Xalqaro mehnat tashkiloti vakillari Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan ishga tushirilgan ishonch tarmoqlarining samaradorligi haqida fikr bildirdi.

Shuningdek, huquq himoyachilari tomonidan majburiy mehnatga jalb qilish bo'yicha yurtimizning turli hududlarida kuzatilgan holatlar yuzasidan ma'lumotlar taqdim etildi. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirining birinchi o'rinbosari Erkin Muxitdinov ushbu holatlarni alohida nazoratga olishni topshirdi.

Uchrashuv yakunida tomonlar majburiy mehnatga qarshi kurash bo'yicha olib borilayotgan chora-tadbirlar monitoringini yuritish hamda kelgusi uchrashuvni ikki haftadan so'ng Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligida o'tkazishga kelishib oldi.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Axborot xizmati