Bugun Kvandju shahrida O'zbekiston Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi vakolatxonasining tantanali ochilish marosimi bo'lib o'tdi. Marosimda Kvandju shahar hokimi Li Yong Sup, vazir Sherzod Kudbiev boshchiligidagi O'zbekiston delegatsiyasi hamda Koreya Respublikasidagi o'zbekistonlik yoshlar ishtirok etishdi.

Tadbirni tarixiy voqelik sifatida baholash mumkin, chunki mazkur vakolatxona Agentlikning xorijda tashkil etilgan dastlabki qarorgohidir. Ushbu vakolatxona O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 28 maydagi “O'zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tasarrufidagi Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligining xorijiy vakolatxonalarini ochish to'g'risida”gi 3743-sonli qaroriga muvofiq ochildi. Marosim avvalida Sherzod Kudbiev u erga yig'ilgan o'zbekistonlik yoshlar bilan uchrashdi.

Uchrashuv davomida vazir Sherzod Kudbiev yoshlar tomonidan berilgan turli masalalardagi savollarga tegishlicha javob qaytardi. Shuningdek, vazir tadbir qatnashchilariga ushbu vakolatxona zimmasida ulkan vazifalar turganligi, bu vazifalar, birinchi navbatda, Koreya Respublikasida mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan O'zbekiston fuqarolari huquqlarini himoya qilish va ularni doimo qo'llab-quvvatlashdan iboratligini alohida ta'kidlab o'tdi.

Vazir bilan uchrashgan yoshlar orasida ko'plab ish izlovchilar ham bo'lib, shu erning o'zida ularga amaliy yordam ko'rsatilib, kerakli taklif va maslahatlar berildi. O'zbekiston delegatsiyasining Koreya Respublikasiga tashrifi davom etmoqda.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Axborot xizmati