Matbuot anjumanida Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Sherzod Kudbiev, Xalqaro mehnat tashkilotining “O'zbekistonda bolalar va majburiy mehnat bo'yicha uchinchi tomon monitoringi” loyihasi texnik maslahatchilari Oksana Lipkanu va Yonas Astrup, “Amerika ovozi” axborot portali jurnalisti Navbahor Imomova hamda Kun.uz, Xabar.uz, O'zA, Anhor.uz, “O'zbekiston 24”, Uzreport kabi o'nlab OAV vakillari ishtirok etishdi.

Anjuman avvalida Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Sherzod Kudbiev majburiy mehnatga qarshi yurtimizda bugun sezilarli islohotlar amalga oshirilayotgani, bu borada mustahkam qonun me'yorlari o'rnatilgani va xalqaro tashkilotlar bilan ochiq mezonlarga asoslangan samarali hamkorlik yo'lga qo'yilganligini alohida ta'kidladi. Xususan, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan majburiy mehnatga qarshi kurashish bo'yicha ishga tushirilgan @mehnathuquqbot telegram tarmog'ining ishlash mexanizmini anjuman ishtirokchilariga amaliy ko'rsatib berdi. Shuningdek, kutilayotgan paxta mavsumida fuqarolarni majburiy tarzda paxta dalalariga jalb qilishga aslo yo'l qo'yilmasligi, paxta yig'im-terimi bu yildan boshlab faqat iqtisodiy manfaatdorlik tamoyili asosida o'tkazilishiga urg'u berib o'tdi.

Shundan so'ng, OAV vakillari majburiy mehnatga jalb qilganlik uchun qo'llaniladigan jazo tartibi, paxta mavsumida majburiy mehnatning oldini olish bo'yicha ko'rilayotgan chora-tadbirlar, vazirlik tomonidan ishga tushirilgan ishonch tarmoqlarining samaradorligi bilan bog'liq mavzuga oid dolzarb savollar bilan murojaat qilishdi. Matbuot anjumanida ko'tarilgan ushbu masalalar yuzasidan vazir Sherzod Kudbiev tomonidan aniq va tegishli javoblar berildi. Matbuot anjumani yakunida Xalqaro mehnat tashkiloti vakili Yonus Astrup yurtimizda majburiy mehnatga qarshi bugungi kunda olib borilayotgan sezilarli sa'y-harakatlar, bu borada Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan amalga oshirilayotgan salmoqli ishlarni e'tirof etdi.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Axborot xizmati