O‘zbekiston Respublikasi Davlat maslahatchisi ishchi guruhining tashabbusi bilan o‘tkazilgan Mehnat yarmarkasida “Nurli olmos Sari” MChJ, “Yasina tikuv servis” MChJ, “Eksklyuziv Everest” MChJ, shuningdek, Marg‘ilon shahri va Qo‘shtepa tumanlaridan shu kabi 180 dan ortiq tashkilot va korxonalar o‘zlarining 430 ga yaqin bo‘sh ish o‘rinlarini taklif etishdi.

Mehnat yarmarkasining unumdorligini oshirish va aholiga qulayliklar yaratish maqsadida, yarmarkaga Hunarmandlar uyushmasi, tumandagi banklar, Yoshlar ittifoqi, Soliq bo‘limi, Tibbiyot birlashmasi, Maktabgacha ta’lim bo‘limi, Xalq ta’lim bo‘limi, Adliya bo‘limi va Savdo-sanoat palatasi vakillari taklif qilinib, aholini qiziqtirgan masalalar bo‘yicha tegishli maslahat va yo‘llanmalar berishdi.

Mazkur yarmarkada 800 ga yaqin ish izlovchi fuqarolar qatnashib, dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, ulardan 220 dan ortiq fuqaroning bandligi ta’minlangan.

Shu bilan birga, 24 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirining birinchi o‘rinbosari E.Muxitdinov, AKB Mikrokreditbank boshqaruv raisi o‘rinbosari T.Atamurodov, Savdo-sanoat palatasi raisi o‘rinbosari O‘.Butayev va Yozyovon tumani hokimi birinchi o‘rinbosari Sh.Tojihakimov boshchiligida seminar tashkil etildi.

Unda ishtirok etgan tadbirkorlar, hunarmandlar, tadbirkorlik istagida bo‘lgan fuqarolar hamda viloyat va tuman banklari vakillariga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 14 iyuldagi “Aholi bandligini ta’minlash borasidagi ishlarni takomillashtirish va samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 3856-son qarori bilan yaratilgan imtiyoz va imkoniyatlar to‘g‘risida batafsil tushintirish berildi.

Bu kabi tadbirlar Respublika bo‘ylab davom ettiriladi.

 

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Axborot xizmati