Nogironlikni belgilash yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar, mavjud muammolar va istiqboldagi rejalar, sohada qabul qilingan me’yoriy-huquqiy hujjatlar ijrosi muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. 

Quyi palataning Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda deputatlar, mutasaddi vazirlik va idoralar vakillari, tibbiy-ijtimoiy ekspertiza inspeksiyasining respublika hamda hududiy bo‘limlari rahbarlari ishtirok etdi. 

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining o‘rinbosari, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi rahbari X.Ketmonov mamlakatimizda keksalar, pensionerlar, nogironlar va imkoniyati cheklangan insonlarga tibbiy-ijtimoiy yordam ko‘rsatish, aholining ehtiyojmand qatlamlarini manzilli ijtimoiy himoya qilish davlatimiz siyosatining ustuvor yunalishlaridan biri sifatida belgilanganini ta’kidladi. 

Prezidentimizning 2017 yil 1 dekabrdagi "Nogironligi bo‘lgan shaxslarni davlat tomonidan qo‘llab-quvatlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmoni bilan nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquq va erkinliklarini himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi. Maxsus komissiya tomonidan nogironlikni barvaqt aniqlash va oldini olish, nogironligi bo‘lgan shaxslarga tibbiy-ijtimoiy yordam ko‘rsatish, ularni kasbga o‘qitish va ishga joylashtirish sohasidagi ishlar ahvoli chuqur o‘rganilmoqda. 

Bugungi kunda yurtimizda 107 ta tibbiy-mehnat ekspert komissiyasi tomonidan aholiga tibbiy-mehnat ekspertiza xizmati ko‘rsatilmokda. Respublika tibbiy-ijtimoiy ekspertiza inspeksiyasi tomonidan 2017 yil davomida 47,2 ming nafardan ortiq fuqaroga birlamchi nogironlik belgilangan. 

Tadbirda Qashqadaryo viloyatida o‘tkazilgan o‘rganish yakunlari atroflicha muhokama qilindi. Viloyatda 2017 yilda 4184 nafardan ortiq fuqaroga birlamchi nogironlik belgilangan. O‘tgan yil davomida reabilitatsiyaga ehtiyoji bo‘lgan 18,4 mingga yaqin nogiron hududiy reabilitatsiya markazlariga yuborilib, sog‘lig‘i yaxshilangan. 

Tadbir ishtirokchilari tomonidan tibbiy-maslahat komissiyalari va tibbiy-mehnat ekspert komissiyalari faoliyatini tartibga soluvchi me’yoriy-huquqiy hujjatlarni takomillashtirish borasida fikrlar bildirildi. Nogironlikni aniqlash tizimini soddalashtirish, ortiqcha sarsongarchiliklarning oldini olish, malakali mutaxassislar bilan ta’minlash muhim ahamiyatga ega.