Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan 13.04.2018 yil O‘zbekiston Milliy matbuot markazida «Mehnat bilan band bo‘lmagan aholini, ayniqsa, yoshlarni ishga joylashtirish samaradorligini oshirish, xorijiy davlatlarda mehnat qilayotganlarning mehnat huquqlarini himoya qilish va mehnat muhofazasini kuchaytirish va xorijga ishga yuborish tizimi shaffofligini ta’minlash borasida belgilangan vazifalar va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenting 05.03.2018 yildagi PQ-3584 – sonli “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun respublika tashqarisiga transportda chiqish vaqtida xavfsizligini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Karori ijrosi yuzasidan matbuot anjumani o‘tkazildi.

Mutbuot anjumanini O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazir o‘rinbosari B.M.Nizomov ochib berdi va tizimda olib borilayotgan yangi isloxotlar, yangi ish o‘rinlari yaratish, yoshlarni ish bilan ta’minlash, bandlik sohasini yanada takomillashtirish, xalqaro munosabatlar va tashqi mehnat migratsiya masalalariga alohida to‘xtalib o‘tdi.
Anjuman davomida Bandlik boshqarmasi Cektor boshlig‘i N.Sulaymanova mehnat bozori va aholi bandligini ta’minlash sohasida ko‘rilayotgan tizimli choralarga to‘xtaldi. Xususan, vazirlik va uning tizim tashkilotlari tomonidan 2018 yil yanvar-mart oylarida tuman (shahar) Aholi bandligiga ko‘maklashish markazlariga ish so‘rab murojaat qilgan 122,5 ming nafar fuqarolardan 53,8 ming nafarini doimiy ishlarga joylashishlariga ko‘maklashildi hamda 62,6 ming nafar ishsiz fuqarolar haq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb etildi.
Hisobot davrida ish qidirayotgan fuqarolar uchun maqbu l keladigan ishni qidirish muddatini qisqartirish maqsadida 297 ta bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi tashkil etilib, ularda 
15,2 mingga yaqin ish beruvchilar vakillari va qariyb 46,1 mingdan ortiq ish qidirayotgan fuqarolar ishtirok etishdi. Yarmarkalar natijasiga ko‘ra 10,1 ming nafar fuqarolar ishga joylashtirildi, 24,1 ming nafar faol ish qidirayotganlarga mehnat va bandlik masalalari bo‘yicha hamda huquqiy masalalar yuzasidan maslahatlar berildi.
Ishsizlarni kasbga qayta o‘qitishni tashkillishtirish bo‘limi boshlig‘i  X.Abdullayev tizimdagi olib borilayotgan Yoshlarni ishga joylashtirish samaradorligi va kasbga o‘qitish tizimi sohasidagi ishlar bo‘yicha ma’lumot berdi.


Hozirda 3,3 mingdan ortiq ishsiz fuqaro tikuvchilik, to‘quvchilik, elektrik, payvandchilik, bo‘yoqchilik, suvoqchilik, kompyuter texnikasi operatori va boshqa shu kabi mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan mutaxassisliklar bo‘yicha kasblarga o‘qitildi, shundan 1,0 ming nafari milliy hunarmandchilikning gilam to‘qish, ganchkorlik, teridan, daraxtdan va temirdan badiiy mahsulotlar tayyorlash, milliy qandolatchilik yo‘nalishlari bo‘yicha “Usto-shogird” usulida kasbga tayyorlandi.
Shuningdek, Matbuot anjumanining eng dolzarb masalalaridan biri mehnat migratsiyasi masalalari va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 5 martdagi PQ-3584 –sonli qarori ijrosi bo‘yicha Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi boshlig‘i R.Ibragimov batafsil axborot berib o‘tdi.


Ma’lumki, O‘zbekiston yangi sharoitlarda mehnat migrantlari muammolariga nisbatan o‘z munosabatini tubdan o‘zgartirdi hamda mehnat migrantlarining O‘zbekiston iqtisodiyoti hamda ular ishlayotgan mamlakat taraqqiyotiga qo‘shayotgan ulushini e’tirof etmoqda. O‘z navbatida, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi tomonidan tashqi mehnat migratsiyasi borasida xalqaro hamkorlik masalalariga alohida e’tibor qaratib kelinmoqda. 
Jumladan, Agentlik tomonidan bugungi kunda Rossiya Federatsiyasi, Polsha, Janubiy Koreya va Yaponiya davlatlari bilan tashqi mehnat migratsiyasi sohasida faol hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Shuningdek, Qozog‘iston, Turkiya, Omon Sultonligi, Birlashgan Arab Amirliklari va boshqa ko‘plab mamlakatlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, o‘zaro anglashuv memorandumlarini imzolash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari bo‘yicha xalqaro tajriba o‘rganilmoqda. Qolaversa, xorijda ishlash niyatini bildirayotgan fuqarolar uchun yurtimizda zarur shart-sharoitlarni yaratish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Dastlab viloyatlarda Agentlikning to‘rtta mintaqaviy byurosi faoliyat yuritgan bo‘lsa, o‘tgan davr mobaynida barcha viloyatlarda va Qoraqalpog‘iston Respublikasida Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligining filiallari ochildi. Yaponiyaga ketuvchi fuqarolarni ketish oldidan o‘qitish va ko‘niktirish markazi faoliyat boshladi. Yaponiyada mehnat faoliyati bilan shug‘ullanish uchun ketadigan fuqarolar endilikda ushbu maskanda tayyorlanib, til o‘rganishadi. Markaz fuqarolarga boshlang‘ich ta’lim berish va yapon tili, madaniyati, qonunlarini o‘rganishda yaqindan yordam beradi.

Shu bilan birga, Agentlik tomonidan Sankt-Peterburg “Mehnat resurslari markazi” davlat avtonom muassasasi bilan hamkorlikda mehnat migrantlarini ketish oldidan tayyorlash va Rossiya Federatsiyasiga yuborish bo‘yicha Samarqandda Markaz tashkil qilish yuzasidan Memorandum imzolangan. Ushbu Markaz ishga tushdi va Rossiya Federatsiyasida ishga joylashish istagida bo‘lgan respublikamiz fuqarolarining o‘qitilishi, test sinovlari, tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilishi va to‘liq hujjatlar to‘plami bilan Rossiyada ishlash maqsadida ruxsatnoma (patent) olish uchun yuborilishi Markazning o‘zida amalga oshirilmoqda. Hozirda shunday Markazning Farg‘onada ochilishini jadallashtirish bo‘yicha barcha zarur sa’yi-harakatlar amalga oshirilmoqda.
Ma’lumki, 2018 yil 5 martda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti «O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun respublika tashqarisiga transportda chiqish vaqtida xavfsizligini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida» Prezident Qarorini imzoladi. 
Tashqit mehnat migratsiyasi agentligi mazkur qaror ijrosi bo‘yicha o‘ziga yuklatilgan qator ishlarni amalga oshirdi. Jumladan, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ va O‘zbekiston havo yo‘llari” MAK vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun respublikadan tashqariga chiqayotgan fuqarolarga platskart va umumiy vagonlarga temir yo‘l chiptalari hamda iqtisodiy (ekonom) klass aviachiptalar narxlariga 20 foizgacha chegirma taqdim etadigan, temir yo‘l va aviachipta xarid qilish xarajatlarini qisman qoplash uchun 300 ming so‘m miqdorda beg‘araz to‘lov bir yilda bir marta amalga oshiriladigan, imtiyozli biletlarni taqdim etish uchun barcha viloyatlarda va Toshkent shahrida hamda Qoraqalpog‘istonda maxsus kassalar ish boshladi.
Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining tuman (shahar) Bandlikka ko‘maklashish markazlari tuzilmasida umumiy 300 shtat birligida vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun respublika tashqarisiga chiqayotgan fuqarolar bilan ishlash sektorlarini tashkil etdi. Sektorlar xodimlari uyma-uy yurib vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun respublika tashqarisiga chiqib ketishni rejalashtirayotgan fuqarolarni aniqlamoqda hamda ular bilan chet elga xavfsiz chiqish va imtiyozli tariflarda temir yo‘l va aviachiptalar sotuvi mexanizmi masalalari bo‘yicha axborot-tushuntirish va targ‘ibot ishlarini amalga oshirmoqda.
Potensial mehnat migrantlari temir yo‘l va aviachiptalarni imtiyozli tariflarda xarid qilish oldidan vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun respublikadan tashqariga chiqayotgan fuqarolarni imtiyozli tariflarda chipta taqdim etishning shaffofligini ta’minlash maqsadida Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi elektron ma’lumotlar bazasiga ro‘yxatga olinyapti. 


Mehnat migrantlari transport va boshqa xarajatlar uchun «Ipoteka-bank» orqali 1000 AQSh dollarigacha bo‘lgan kredit olishlari mumkin. Kreditlarni (Western Union, Contact va boshqa shu singari) xalqaro to‘lov tizimlari orqali olish va to‘lashning qulay mexanizmlarini joriy etish rejalashtirilgan. 
Yaqin kunlarda mehnat migrantlari uchun rus va boshqa tillarga va ishlab chiqarish kasblariga o‘qitish bo‘yicha kurslar, jumladan bepul kurslar tashkil etiladi. Rossiya, Qozog‘iston, Turkiya va Janubiy Koreyadagi konsullik muassasalarida mehnat migratsiyasi masalalari va fuqarolarning ijtimoiy-huquqiy himoyasi bilan shug‘ullanadigan xodimlar ish olib boradi. Shu yildan boshlab avtobusda xalqaro yo‘lovchi tashishga ixtisoslashgan kompaniya faoliyat yurita boshlaydi. Kompaniya uchun 100 dona avtobus xarid qilinadi va ular O‘zbekistonning turli mintaqalaridan xorijga qatnaydi. 
Matbuot anjumanida televideniye va radio, OAV, ijtimoiy tarmoq vakillari va jurnalistlarga qiziqtirgan savollari va mulohazalari yuzasidan atroflicha va batafsil javob berildi va takliflari yuzasidan fiklar almashib olindi.