O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Tashqi ishlar vazirligi va mamlakatimizning xorijiy davlatlardagi elchixonalari faoliyatiga bag‘ishlangan yig‘ilishdagi nutqida “Barchamizga ayonki, tashqi va ichki siyosat sohalarida oldimizda turgan muhim va ulkan vazifalarni hech kim chetdan kelib hal qilib bermaydi. Faqat o‘zimizning kuch va imkoniyatlarimizga ishonishimiz, o‘z salohiyatimizga tayanishimiz zarur”, deganlar.
Mamlakatimizda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar xalqimiz tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda. Bu o‘zgarishlarning dastlabki natijalari aholimiz hayoti va kundalik turmushida o‘zining yaqqol ifodasini topmoqda, el-yurtimizning ijtimoiy faolligi, ertangi kunga ishonchi o‘sib bormoqda.
Biz mamlakat hayotiga doir har bir qarorni xalqimiz bilan maslahatlashib, bevosita muloqot asosida qabul qilmoqdamiz. “Xalq davlat idoralariga emas, balki davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak” degan g‘oya bu borada faoliyatimiz mezoniga aylanmoqda.
Shu o‘rinda so‘zimning isboti uzra O‘zbekiston Respublikasi Prezizidentining quyidagi o‘ta muhim va xalqparvar Qarorlariga e’tiborlaringizni qaratmoqchi edim. Xususan, “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun respublika tashqarisiga transportda chiqish vaqtida xavfsizligini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorlari aholining ko‘p yillar davomida qiynab kelayotgan dardlariga malham bo‘ladi deb o‘ylayman. Mazkur qarorni ishlab chiqish jarayonida avvalo Mehnat organlari xodimlari tomonidan xududlarda tashqi mehnat migratsiyasi masalalari bo‘yicha o‘tkazilgan ijtimoiy so‘rov natijalari asosida va shaxsan Prezidentimizning ko‘rsatmalari bilan loyiha tayyorlandi va tasdiqga kiritildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezizidentining mazkur Qarori joriy yilning 5 mart kuni PQ-3584-son bilan tasdiqlandi.
Jahon iqtisodiyoti globallashuvi jarayonida, xalqaro mehnat bozori rivojlanishi va ishchi kuchining transchegaraviy oqimi kengayishi sharoitlarida mehnat migratsiyasi bilan mehnatga layoqatli fuqarolar va ularning oila a’zolarining sezilarli qismining bandligi va daromadlarini ta’minlovchi ob’ektiv shart-sharoitdagi ijtimoiy-iqtisodiy holat hisoblanadi. So‘ngi vaqtlarda mamlakatda mehnat migratsiyasini tartibga soluvchi qator chora-tadbirlar amalga oshirildi. Mamlakatlararo darajada respublika tashqarisida mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan O‘zbekiston fuqarolarining ijtimoiy va mehnat huquqlarini ta’minlovchi hujjatlar imzolandi va ular ijrosi amalga oshirilmoqda.
Shuningdek, fuqarolarning ayrimlari qo‘shimcha daromad orttirish maqsadida mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun mustaqil ravishda chegaradosh davlatlar avtotransportlarida o‘yo‘l davomida zlarini katta xavf-hatarga solib respublika tashqarisiga chiqib ketish holatlari ham yo‘q emas. Respublikamizda xalqaro reyslarni amalga oshiruvchi yo‘lovchi avtotransport vositalari deyarli mavjud emas. O‘zbekiston bilan qo‘shni bo‘lgan chegaradosh davlat hududlarida yo‘lovchi tashuvchilar tomonidan amalga oshiriladigan yo‘lovchi tashish avtotransport narxi “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ va «O‘zbekiston havo yo‘llari” MAK yo‘lovchi tashuv tarifi narxlaridan 2,5 - 4 marta arzon.
Shularni e’tiborga olib hamda O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining respublika tashqarisidagi vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish joyigacha xavfsiz yetib olish, yo‘l davomida yo‘l-transport hodisalarini oldini olish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun respublika tashqarisiga transportda chiqish vaqtida xavfsizligini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Unga muvofiq 2018 yil 1 maydan vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun respublika tashqarisiga chiqayotgan fuqarolar ko‘p boruvchi yoki yuqori konsentratsiyali shaharlarga yangi temir yo‘l yo‘nalishlarini ishga tushiriladi.
2018 yil 1 iyundan boshlab vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun respublika tashqarisiga chiqayotgan fuqarolar tomonidan talab yuqori bo‘lgan yo‘nalishlarda yangi yo‘lovchi poyezdlar qo‘yiladi yoki mavjud poyezdlarda vagonlar, ayniqsa platskartlar soni ko‘paytiriladi, jumladan, ushbu yo‘nalishlardagi temir yo‘l poyezdi jo‘nashini hududiy temir yo‘l stansiyalaridan amalga oshirish tashkillashtiriladi.
Shuningdek, O‘zbekiston havo yo‘llari” MAKga “O‘zbekiston havo yo‘llari” MAK huzurida vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun respublika tashqarisiga chiqayotgan fuqarolarni qimmat bo‘lmagan narxlarda tashishni amalga oshiruvchi past byudjetli aviakompaniyalarni (loukoster) tashkil etish to‘g‘risida hukumat qarori loyihasini ishlab chiqish haqida topshiriq bo‘ldi.
Endi O‘zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi va O‘zbekiston Respublikasi TIF Milliy banki bilan Xalqaro avtobus yo‘lovchi tashish bo‘yicha ixtisoslashtirilgan kompaniya tashkil etiladi va bu vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun respublika tashqarisiga chiqayotgan fuqarolarga havfsiz transportni ta’minlashga, yo‘l harajatlarini pasaytirishga ko‘maklashadi.
Xalqaro yo‘lovchi tashuvchi avtobuslarni bevosita avtovokzal hududlarida yo‘lga chiqish oldi texnik ko‘rikdan o‘tkazish amalga oshiriladi hamda zarurat tug‘ilganda butun yo‘l davomida avtobuslarning videokuzatuvi ta’minlanadi.
Qarorning eng muhim va ahamiyatli jihati shundan iboratki, O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining tuman (shahar) Bandlikka ko‘maklashish markazlari tuzilmasida mehnatga xaq to‘lash jamg‘armasi doirasida ishga joylashtirish inspektorlar sonini qisqartirish hisobiga umumiy 300 nafar shtat birligida vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun respublika tashqarisiga chiqayotgan fuqarolar bilan ishlash sektorlari tashkil etildi. Ular Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar vakillari bilan birgalikda asosan xonadonlarga kirib, fuqarolar o‘rtasida respublikadan tashqarida avtomobil transportida harakatlanish chog‘ida harakatlanish xavfsizligiga rioya etish, shuningdek chet elda tashkillashtirilgan ravishda ishga joylashish to‘g‘risida tushuntirish targ‘ibot ishlarini tizimli va muntazam ravishda olib boradi.
Ishsiz aholini aniqlash va ularnimavjud bo‘sh ish o‘rinlariga, kvotalangan ish joylariga, xunarmandlik yoki dehqon xo‘jaligi bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lsa, istagiga qarab ish topib berishga yordam ko‘rsatadi, Haq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb etadi. Fuqaromiz barcha takliflarni rad etib, bari-bir vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun respublika tashqarisiga chiqaman desa, ularni havfsiz transport bilan ta’minlash maqsadida Prezidentimizning yordamlaridan qanday foydalanish tartibi tushuntiriladi.
Ya’ni, birinchi galda havfsiz va imtiyozli tariflarda chiptalari sotilayotgan transport vositalari taklif etiladi. Buning uchun Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun respublikadan tashqariga chiqayotgan va imtiyozli temir yo‘l va aviachipta xarid qilayotgan fuqarolarni Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi elektron ma’lumotlar bazasiga majburiy ro‘yxatga oladi hamda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi huzurida vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun respublikadan tashqariga chiqayotgan fuqarolarga imtiyozli tariflarda chiptalar sotish bo‘yicha tashkil etilgan ixtisoslashtirilgan kassalarga taklif qiladi.
“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ va O‘zbekiston havo yo‘llari” MAK 2018 yil 1 apreldan vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun respublikadan tashqariga chiqayotgan va Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi elektron ma’lumotlar bazasida ro‘yxatga olingan fuqarolarga platskart va umumiy vagonlarga temir yo‘l chiptalari hamda iqtisodiy (ekonom) klass aviachiptalarning narxini 20 foizgacha chegirma taqdim etiladi.
Shuningdek, yana AT “Aloqabank”ning soddalashtirilgan ochish shartlari bilan, xizmatlar uchun minimal kommssiya va nol summada sug‘urta depozitli “VISA-migrant” bank plastik kartalari joriy etilib, xizmat ko‘rsatish hamda 2018-2019 yillarda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi elektron ma’lumotlar bazasiga ro‘yxatga olish sharti bilan vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun respublikadan tashqariga chiqayotgan fuqarolarning temir yo‘l va aviachiptalar xaridi uchun bir yilda bir marta xarajatlarining 300 ming so‘mini qoplab berish majburiyatini o‘z zimmasiga olgan.
Qarorning yana bir jihati, bu ATIB “Ipoteka bank”ning vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun respublikadan tashqariga chiqayotgan fuqarolarning yo‘l davomida transport va boshqa xarajatlari, chet elda ishga joylashishi uchun zarur xujjatlarni rasmiylashtirish xarajatlarini xalqaro to‘lov tizimlari (Western Union, Contact va boshq.) orqali pul o‘tkazish va kredit to‘lashning moslashuvchan mexanizmini joriy etish orqali 1000 AQSh dollari ekvivalentida kredit berishni keng joriy etish to‘g‘risidagi taklifi fuqarolarimizni himoyalashni ta’minlaydi.
Vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun respublikadan tashqariga chiqayotgan fuqarolarni rus tili va ishlab chiqarish kasblarga o‘qitish, jumladan, bepul kurslarni tashkil etish Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining tasarrufidagi kasb-hunar kollejlari va kasb-hunarga o‘qitish markazlari bazasida amalga oshirilishi belgilandi.
Sug‘urta kompaniyalariga Rossiya Federatsiyasiga vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun ketayotgan fuqarolarni kompleks sug‘urta ximoya qilish bo‘yicha Rossiya sug‘urta kompaniyalarining sug‘urta agenti sifatida o‘z vakolatxonalarini ochish va Qozog‘iston Respublikasida o‘z vakolatxonalarini ochish taklif etildi. Imtiyozli tariflar bo‘yicha temir yo‘l va aviachiptalar sotish ixtisoslashtirilgan kassalarda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun respublikadan chiqib ketayotgan fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘ini sug‘urtalashni rasmiylashtirish uchun doimiy tarzda sug‘urta agentlari joylashtiriladi. Bu bilan yo‘ldagi yoki borgan davlatida turli ofatlarga duch kelsa, ularga shikast yetkazilsa, sug‘urta orqali zararlar belgilangan tartibda qoplab beriladi.
Rossiya Federatsiyasida mehnat faoliyatini amalga oshirishga patent va ruxsatnoma olishda O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash muassasalari tomonidan berilgan tibbiy guvohnomalarning tan olinishi yuzasidan Rossiya Federatsiyasining vakolatli organlari bilan Kelishuv imzolash haqida mutasaddi organlarga topshiriq berildi.
Shu o‘rinda Prezidentimizning yana bir gaplarini ta’kidlab o‘tmoqchi edim. Xususan, “O‘zimiz o‘zimizga xiyonat qilmasak, o‘zimiz o‘zimizni aldamasak, halol-pok bo‘lib mehnat qilsak, men aminman, ko‘zlagan barcha marralarimizga albatta yetamiz. Bu borada men avvalo ko‘p sinovlardan yorug‘ yuz bilan o‘tgan olijanob xalqimizning mustahkam irodasi va bunyodkorlik salohiyatiga ishonaman” degan gaplari har bir fuqaroga tegishli deb bilaman.
Vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun respublikadan tashqariga chiqayotgan fuqarolar timsolida butun o‘zbek xalqining madaniyati, urf-odati, yurish-turishi, muomulasi, xulq-atvori va boshqa olijanob jihatlari namoyon bo‘ladi. Shuni unutmagan holda madaniyatli bo‘lishga, ahloq-odobimizni yo‘qotmasdan, yaratilayotgan shart-sharoitlardan oqilano foydalanishga, aldovlarga berilib, turli nopok yo‘llarga kirib ketmaslikka, yurtimiz sha’niga dog‘ tushurmaslikka va vatanparvarlik ruxini so‘ndirmasdan esan omon oila a’zolaringiz olidga qaytib kelishga chaqirib qolaman.
Har qanday holatda ham Siz azizlar o‘zbek yurti farzandisizlar va davlat himoyasidasizlar. Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari bo‘yicha savollar yoki muammolar tug‘ilgan taqdirda quyidagi ishonch telefonlariga qo‘ng‘iroq qiling.
Ishonch telefoni: (0371) 200-06-00
Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi: (0371) 202-33-44

O‘zbekiston Respublikasi
Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi
Yuridik bo‘lim boshlig‘i
Matrasulov Davlatnazar Raximberganovich