O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 5 martdagi PQ-3584-sonli “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun respublika tashqarisiga transportda chiqish vaqtida xavfsizligini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hamda “2018 yilda aholi bandligiga ko‘maklashish davlat dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2018 yil 3 fevraldagi PQ-3506-son Qarorlari ijrosiga bag‘ishlangan selektor majlisi bo‘lib o‘tdi.
Majlisda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi markaziy apparati, boshqarma, bo‘lim boshliqlari, tasarrufiy tashkilotlar va hududiy Bosh boshqarma boshliqlari, BKM rahbarlari va mas’ul xodimlari ishtirok etdi.
Shuningdek, majlisda Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 5 oktyabrdagi 799-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Jamoat ishlari jamg‘armasi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash yuzasidan 2018 yil yanvar-fevral oylarida belgilangan masalalar ijrosi ham ko‘rib chiqildi.
Kun tartibidagi masalalarni muhokama etib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Qarorlarida belgilab berilgan vazifalarning so‘zsiz va belgilangan muddatlarida ijrosini ta’minlash, mas’ullar tomonidan doimiy nazorat o‘rnatgan holda monitoringni olib borish va har bir rahbar xodimning shaxsiy mas’uliyati belgilab berildi.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Axborot xizmati