O‘zbekiston Respublikasi bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining axborot xizmatidan ma’lum qilishlaricha, vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun respublikadan tashqariga chiqayotgan har bir fuqaroga temir yo‘l va aviachipta xarid qilish harajatlarini qisman qoplash uchun 300 ming so‘m miqdorda beg‘araz to‘lov bir yilda bir marta amalga oshiriladi. 

Bu haqida Prezidentimizning 2018 yil 5 martdagi “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun respublika tashqarisiga transportda chiqish vaqtida xavfsizligini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida keltirilgan. 

Qaror bilan vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun respublika tashqarisiga chiqayotgan fuqarolarga temir yo‘l va aviachiptalar narxlariga chegirmalar taqdim etish tizimi joriy etiladi. Xususan, “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati va O‘zbekiston havo yo‘llari” Milliy aviakompaniyasi 2018 yil 1 apreldan vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun respublikadan tashqariga chiqayotgan fuqarolarga platskart va umumiy vagonlarga temir yo‘l chiptalari hamda iqtisodiy klass aviachiptalar narxlariga 20 foizgacha chegirma taqdim etadi. 

Vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun respublika tashqarisiga chiqib ketayotgan fuqarolar uchun bank va sug‘urta xizmatlari ko‘rsatiladi. Jumladan, “Aloqabank”ning soddalashtirilgan ochish shartlari bilan “VISA-migrant” plastik kartalarini joriy etish, hamda “Ipoteka bank” tomonidan vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun respublikadan tashqariga chiqayotgan fuqarolarga 1000 AQSh dollari ekvivalentida kredit ajratish ko‘zda tutilgan. “O‘zagrosug‘urta” aksiyadorlik jamiyati tomonidan Rossiya Federatsiyasiga vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun ketayotgan fuqarolarni kompleks sug‘urta himoya qilish bo‘yicha Rossiyada o‘z vakolatxonalarini ochish, imtiyozli tariflar bo‘yicha temir yo‘l va aviachiptalar sotish ixtisoslashtirilgan kassalarda vaqtinchalik fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘ini sug‘urtalashni rasmiylashtirish uchun doimiy tarzda sug‘urta agentlarini joylashtirish belgilangan. 

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining Bandlikka ko‘maklashish markazlari tuzilmasida vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun respublika tashqarisiga chiqayotgan fuqarolar bilan ishlash sektorlarini tashkil etiladi. 

Mazkur sektorlarning asosiy majburiyatlari uyma-uy yurib vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun respublika tashqarisiga chiqib ketishni rejalashtirayotgan fuqarolarni aniqlash hamda ular bilan chet elga xavfsiz chiqish va imtiyozli tariflarda temir yo‘l va aviachiptalar sotuvi mexanizmi masalalari bo‘yicha axborot-tushuntirish va targ‘ibot ishlarini amalga oshirish hisoblanadi.