Jizzax viloyatida baliqchilik sohasida o‘tgan yil yakuniga ko‘ra, 268 tadbirkorlik subyekti faoliyat ko‘rsatmoqda. Ularning 16 tasi 63 ming gektardagi tabiiy, 252 tasi 1 ming 614 gektar sun’iy suv havzalarida baliq yetishtiradi. 

Forish tumanidagi "Sultonbek baliq” xususiy korxonasi tarmoqda muvaffaqiyatli foliyat ko‘rsatayotgan tadbirkorlik subyektlaridan. Korxona baliq yetishtirish hajmini yildan-yil oshirib borayotir. Xususan, 2016-yilda 110 tonna baliq ovlangan bo‘lsa, 2017 yilda bu ko‘rsatkich ikki barobardan ziyod, ya’ni 250 tonnaga yetkazildi. 

– O‘tgan yili “Ipotekabank” viloyat filialining 200 million so‘m krediti ko‘magida hovuzimizni kengaytirdik, – deydi korxona rahbari Sh.Kamolov. – Yillik daromadimiz ham yomon bo‘lmadi. Bu yil baliq yetishtirish hajmini yanada oshirishni rejalashtirganmiz. Tabiiyki, ishchilarimiz soni ham ko‘payadi. Ayni kunlarda hovuzlar chavoq tashlashga hozirlanmoqda. 

Davlatimiz tomonidan baliqchilikni rivojlantirish qo‘llab-quvvatlanayotgani tarmoqda faoliyat ko‘rsayotgan tadbirkorlar imkoniyatini kengaytirmoqda. Ayni paytda tumanda baliqchilik bilan shug‘ullanayotgan barcha turdagi xo‘jaliklar soni 54 taga yetdi. O‘tgan yili tumanda 8 ming tonnadan ziyod baliq yetishtirilgan. 

Bu yil tumanda baliqchilikni rivojlantirish bo‘yicha yana bir loyiha amalga oshirilmoqda. Egizbuloq qishlog‘ida “Agro kafolat” xususiy korxonasi tomonidan baliq chavog‘i yetishtiradigan qiymati 1 milliard 200 million so‘mlik loyiha hayotga tatbiq etiladi. Inkubatsiya sexlari, laboratoriyasi bilan birga barpo etilayotgan yangi baliqchilik korxonasi yiliga 150 tonna chavoq yetishtirish quvvatiga ega bo‘lib, 15 ish o‘rni yaratiladi. 

Prezidentimizning 2017 yil 1 maydagi “Baliqchilik tarmog‘ini boshqarish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori soha rivojida muhim ahamiyat kasb etayotir. Ushbu qaror asosida tashkil etilgan “O‘zbekbaliqsanoat” uyushmasi tadbirkorlar faoliyatini muvofiqlashtirishda samarali ish olib bormoqda. Uyushmaning hududiy “Baliqsanoat” mas’uliyati cheklangan jamiyati urug‘, baliq chavog‘i yetishtirish, baliq mahsulotlarini tayyorlash va qayta ishlash sohasida tadbirkorlar bilan yaqin hamkorlik qilmoqda. 

– Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili baliqchilik tarmog‘ida alohida ahamiyatga ega bo‘lishi shubhasiz, – deydi «Jizzaxbaliqsanoat» mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Abror Narziyev. – Chunki baliqchilik tarmog‘ida tadbirkorlikni faollashtirishga ham, innovatsion g‘oya va texnologiyalarni joriy etishga ham ehtiyoj katta. Dengizdan uzoqligimiz tarmoqni ekstensiv rivojlantirish imkoniyatlarini cheklaydi. Shuning uchun tarmoqda faoliyat ko‘rsatayotgan tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida ilm-fan yutuqlari, xorijning ilg‘or texnologiyalarini joriy etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu borada 10 dan ziyod xorij kompaniyalari bilan sherikchilik aloqalari o‘rnatildi. 

Masalan, “MTT SEA FOOD” MChJ Arnasoy tumanida umumiy qiymati 250 ming dollar bo‘lgan baliq yetishtirish va qayta ishlash loyihasini amalga oshirmoqda. 124,5 gektar maydonda baliqlar Vetnam texnologiyalari asosida yetishtiriladi. 

Shuningdek, viloyatdagi tabiiy suv hovuzlaridan unumli foydalanish va baliq yetishtirish hajmini yanada ko‘paytirish maqsadida Arnasoy ko‘li, Jizzax va Qorovultepa suv omborlariga o‘tgan yili har biri o‘rtacha 220-250 kilogrammdan baliq chavog‘i qo‘yilgan 87 qafas (sadok) moslamalari o‘rnatildi. Bu yil ularning sonini 600 taga oshirish rejalashtirilayotir. 

Viloyat tabiatni muhofaza qilish qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, baliq ovlash doimiy nazorat ostida. Tabiiy ko‘llar va suv omborlariga nazorat postlari o‘rnatilgan. Baliqchilik xo‘jaliklari bilan baliq ovlashda tabiiy muvozanatni saqlash va baliq zaxirasi tiklanishini ta’minlash choralari ko‘rilayotir. 

Albatta, barcha sohalarda bo‘lgani kabi baliqchilik tarmog‘ida ham ishning muvaffaqiyati bilimli kadrlarga bog‘liq. Prezidentimizning yuqorida zikr etilgan qarori asosida bu masala ham yechimini topdi. Ushbu hujjatga muvofiq, Arnasoy qishloq xo‘jaligi va transport kasb-hunar kollejida 2017-2018-o‘quv yilidan boshlab ixtiolog (baliqchilik) yo‘nalishi bo‘yicha mutaxassislar tayyorlash yo‘lga qo‘yildi. Bu, albatta, o‘z samarasini beradi. 

Sohada faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar, mutaxassislar, iqtisodchilar 2018-yil viloyat baliqchiligini rivojlantirishda tub burilish yili bo‘lishini aytishmoqda. Tadbirkorlarga yaratilayotgan imkoniyatlar, sohaga innovatsion g‘oya va texnologiyalar joriy etish borasidagi ishlar, istiqbolli loyihalar ham bu maqsadni amalga oshirishga zamin yaratadi. 

 

Manba