Jizzax viloyatining Manas qishlog'ida “Obod qishloq” dasturini amalga oshirishda aholi bandligini ta'minlashga alohida e'tibor qaratilayotir.

Qishloqdagi 81 fuqaro fermer xo'jaliklari va haq to'lanadigan jamoat ishlariga jalb qilindi.

 Kam ta'minlangan, ehtiyojmand oilalardagi 30 nafar xotin-qiz tikuvchilikka bepul o'qitilib, tikuv mashinalari olish uchun ularga “Mikrokreditbank” tuman filiali tomonidan iste'mol kreditlari rasmiylashtirildi. Bundan tashqari, “Tadbirkor ayol” O'zbekiston ishbilarmon ayollar uyushmasi viloyat bo'limi tomonidan 10 nafar ayolga tikuv mashinasi olib berildi.

Shuningdek, qishloq aholisini tadbirkorlikka jalb qilish maqsadida 69 kishiga 5 milliard 204,4 million so'mlik kredit mablag'i ajratish uchun hujjatlar tayyorlanmoqda.