Call-Markaz
On-line Maslahatchi
Bizni topish
Savollar va javoblar
Yangiliklarga obuna
Sayt bo‘yicha qo‘llanma
Bandlikni tahlil qilish va mehnat bozorini tartibga solish boshqarmasi tomonidan vakolat doirasida shakllantiriladigan axborot va ma’lumotlar ro‘yxati

Aholini ish bilan ta’minlash sohasidagi davlat siyosatini ro‘yobga chiqarish hamda fuqarolarga tegishli kafolatlarni ta’minlash O‘zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi va uning mahalliy organlari tomonidan amalga oshiriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi: 
mehnat bozorini tahlil etadi va istiqbolini belgilaydi hamda aholini ish bilan ta’minlash darajasini oshirish chora-tadbirlarini ishlab chiqadi;
aholini ish bilan ta’minlash masalalari yuzasidan mahalliy davlat hokimiyati organlari va mahalliy mehnat organlariga uslubiy va amaliy yordam ko‘rsatadi; 
Ish bilan ta’minlashga ko‘maklashuvchi davlat jamg‘armasi mablag‘laridan ishsiz shaxslarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, yangi ish joylari yaratish, ish bilan band bo‘lmagan aholini kasbga tayyorlash va qayta tayyorlash, malakasini oshirish uchun foydalanishning yo‘nalishlarini belgilaydi;
aholini ish bilan ta’minlash to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan nazoratni ta’minlaydi;
qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
 

Mahalliy mehnat organlari:

fuqarolarga maqbul keladigan ishni tanlashda, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va boshqa ish beruvchilarga esa zarur xodimlarni tanlashda yordam beradi;

mehnat organlariga murojaat qilgan fuqarolar va ish beruvchilarga ish topish va ishchi kuchi bilan ta’minlanish imkoniyatlari to‘g‘risida, xodimlarga nisbatan qo‘yilayotgan talablar haqida va ish bilan ta’minlashga taalluqli boshqa masalalar yuzasidan maslahatlar beradi;

ishlamayotgan fuqarolarni kasbga o‘rgatish, qayta o‘rgatish va malakasini oshirish to‘g‘risida o‘quv yurtlari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar bilan shartnomalar tuzadi;

ishsiz shaxslarni ro‘yxatga olishni ta’minlaydi va ularga yordam ko‘rsatadi, shu jumladan nafaqalar tayinlash va to‘lashni amalga oshiradi;

mehnat bozorining holatiga va mazkur bozorni rivojlantirish istiqbollariga baho beradi, uning monitoringini tashkil etadi va o‘tkazadi hamda tegishli axborot tarqatilishini ta’minlaydi;

ish qidirib murojaat qilayotgan fuqarolarning, shuningdek bo‘sh ish joylarining (vakant lavozimlarning) hisobini yuritadi;

aholini ish bilan ta’minlash dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirishda qatnashadi;

ish o‘rinlarini tashkil etish va aholi bandligini ta’minlash dasturlarining bajarilishi monitoringini ushbu dasturlarga kiritilgan korxonalar, muassasalar va tashkilotlar tomonidan taqdim etilgan axborot, shuningdek davlat statistika organlarining ma’lumotlari asosida amalga oshiradi;

korxonalar, muassasalar va tashkilotlardan mo‘ljallanayotgan tuzilmaviy o‘zgarishlar hamda amalga oshirilishi natijasida xodimlar ishdan ozod etilishi mumkin bo‘lgan boshqa tadbirlar to‘g‘risida, shuningdek bo‘sh ish joylari (vakant lavozimlar) bor-yo‘qligi, mehnat xususiyati va sharoitlari to‘g‘risida axborotlar oladi;

davlat va nodavlat ta’lim muassasalaridan ularning yo‘nalishi va ixtisoslashuvi, bitiruvchilarning kasb-malaka tarkibi va soni to‘g‘risida axborotlar oladi;

mehnat organlariga murojaat etgan fuqarolarni kasb tayyorgarligi va malaka darajasiga muvofiq korxonalar, muassasalar va tashkilotlarga ularda bo‘sh ish joylari (vakant lavozimlar) bo‘lgan taqdirda ishga joylashtirish uchun yuboradi;

korxonalar, muassasalar va tashkilotlar uchun ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslarni ishga qabul qilishga mo‘ljallangan eng kam miqdordagi ish joylarini belgilash to‘g‘risida takliflar ishlab chiqadi va ularni mahalliy davlat hokimiyati organlarining muhokamasiga kiritadi, shuningdek mazkur fuqarolarni ishga joylashtirish uchun korxonalar, muassasalar va tashkilotlarga yuboradi;

korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning ishonchnomasi asosida ular nomidan fuqarolarni ishga joylashtirish to‘g‘risida ularni oldindan (zarurat bo‘lgan taqdirda) kasbga tayyorlash va qayta tayyorlash, malakasini oshirish, yo‘lkira, kundalik xarajatlar haqini to‘lash sharti bilan shartnomalar tuzadi, shuningdek yangi yashash va ish joyiga ko‘chib borish chog‘ida tegishli korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning mablag‘lari hisobidan yordam puli beradi;

ishsizlarni haq to‘lanadigan jamoat ishlariga belgilangan tartibda ularning o‘z xohishiga ko‘ra jo‘natadi;

Ish bilan ta’minlashga ko‘maklashuvchi davlat jamg‘armasining mablag‘larini belgilangan tartibda tasarruf etadi;

fuqarolarga ishsizlik nafaqasini belgilangan tartibda tayinlaydi;

qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.

Davlat:

  • ijtimoiy himoyaga muhtoj, ish topishda qiynaladigan va mehnat bozorida teng sharoitlarda raqobatlashishga qodir bo‘lmagan shaxslarga, shu jumladan o‘n to‘rt yoshga to‘lmagan bolalari va nogiron bolalari bor yolg‘iz ota, yolg‘iz onalarga hamda ko‘p bolali ota-onalarga;
  • o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarini tamomlagan yoshlarga, shuningdek oliy o‘quv yurtlarining davlat grantlari asosida ta’lim olgan bitiruvchilariga;
  • O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlaridan muddatli harbiy xizmatdan bo‘shatilganlarga;
  • nogironlarga va pensiya yoshiga yaqinlashib qolgan shaxslarga;
  • jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan yoki sud qaroriga ko‘ra tibbiy yo‘sindagi majburlov choralariga tortilgan shaxslarga;
  • odam savdosidan jabrlanganlarga qo‘shimcha kafolatlarni ta’minlaydi.

Qo‘shimcha kafolatlar qo‘shimcha ish joylari, ixtisoslashtirilgan korxonalar, shu jumladan nogironlar mehnat qiladigan korxonalar barpo etish, ish o‘rgatishning maxsus dasturlarini tashkil etish, korxona, muassasa va tashkilotlarga ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan toifadagi fuqarolarni ishga joylashtirish uchun ish joylarining eng kam miqdorini belgilash, shuningdek qonun hujjatlarida nazarda tutilagan boshqa choralar bilan ta’minlanadi.

Harbiy xizmatga chaqirilgan (kirgan) xodim rezervga bo‘shatilganidan yoki iste’foga chiqqanidan keyin, basharti O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safidan, Ichki ishlar vazirligi, Milliy xavfsizlik xizmati va Favqulodda vaziyatlar vazirligi qo‘shinlaridan bo‘shatilgan kunidan boshlab uzog‘i bilan uch oy ichida ishga joylashish masalasida ish beruvchiga murojaat etgan bo‘lsa, avvalgi ish joyida ishga joylashish huquqiga ega.

Harbiy xizmatga chaqirilgan (kirgan), lekin keyinchalik rezervga bo‘shatilgan yoki iste’foga chiqqan xodim, agar uning harbiy xizmatga chaqirilgan (kirgan) kunidan boshlab uch oydan ortiq vaqt o‘tmagan bo‘lsa, avvalgi ish joyiga (lavozimiga) qaytib kelish huquqiga ega.

Korxona qayta tashkil etilganda harbiy xizmatdan bo‘shatilgan shaxslarni ishga joylashtirishni uning huquqiy vorisi, korxona tugatilganda esa — mahalliy mehnat organi amalga oshiradi.

Xodimlarga ushbu moddaning birinchi va ikkinchi qismlarida ko‘rsatilgan kafolatlarni berish mumkin bo‘lmagan hollarda, mahalliy mehnat organi ishga joylashtirishni, zarur hollarda esa, kasbi bo‘yicha bepul o‘qitishni ta’minlaydi.

Ushbu kafolatlar muqobil xizmatga chaqirilgan xodimlarga ham tatbiq etiladi.

Mehnat organlariga bo‘sh ish joylarni (vakant lavozimlar) mavjudligi to‘g‘risidagi va mo‘ljallanayotgan ishdan ozod etishlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni taqdim etish tartibi haqidagi Nizomga (ro‘yxat raqami 858, 22.12.1999 y.) Bo‘sh ish joylari mavjudligi to‘g‘risidagi ma’lumot va bo‘shatilishi mo‘ljallanayotgan xodimlar to‘g‘risidagi axborotlar, mehnat organlariga Ish bilan ta’minlashga ko‘maklashuvchi davlat jamg‘armasiga tegishli badallarni to‘lovchi sifatida ro‘yxatga olingan mikrofirma va kichik korxonalardan tashqari barcha ish beruvchilar tomonidan taqdim etiladi. Shunga ko‘ra, korxona va tashkilotlarda mavjud bo‘sh ish o‘rinlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni tuman (shahar) Bandlikka ko‘maklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazlaridan olish mumkin.

Haq to‘lanadigan jamoat ishlarini tashkil qilish va moliyalash, shuningdek ishsiz shaxslarning bunday ishlarda ishtirok etishi tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999 yil 19 iyulda 353-son qarori bilan tasdiqlangan Haq to‘lanadigan jamoat ishlarini tashkil qilish to‘g‘risidagi Nizomga muvofiq tartibga solinadi.

Mahalliy davlat hokimiyati organlari mehnat organlarining taklifiga ko‘ra va ularning ishtirokida aholini ish bilan ta’minlash maqsadida o‘z mulkidagi korxonalar, muassasalar va tashkilotlarda hamda shartnomalar asosida boshqa korxonalar, muassasalar va tashkilotlarda haq to‘lanadigan jamoat ishlarining amalga oshirilishini tashkil etadilar.

Mehnat organlarida ro‘yxatga olingan va ishsiz deb e’tirof etilgan fuqarolar bilan haq to‘lanadigan jamoat ishlarida qatnashish uchun keyinchalik uzaytirish huquqi bilan ikki oy muddatgacha bo‘lgan muddatli mehnat shartnomalari tuziladi.

Jamoat ishlarini bajarish chog‘ida fuqarolarga bajarilayotgan ishga qarab, biroq o‘n besh foizga oshirilgan ishsizlik nafaqasidan kam bo‘lmagan miqdorda haq to‘lash, ana shu ishlar muddatini umumiy mehnat stajiga qo‘shish, pensiya ta’minoti va vaqtincha ishga layoqatsizlik yuzasidan nafaqalar olish huquqi kafolatlanadi.

Mehnat organlarida ro‘yxatga olingan va ishsiz deb e’tirof etilgan shaxslarni kasbga tayyorlash va qayta tayyorlash, ularning malakasini oshirish quyidagi hollarda amalga oshirilishi mumkin, agar:

ishsiz shaxs zarur kasb malakasiga ega bo‘lmaganligi tufayli unga maqbul keladigan ish tanlash mumkin bo‘lmasa;

ishsiz shaxsning kasb ko‘nikmalariga mos keladigan ish yo‘qligi sababli uning kasbini (mutaxassisligini, mashg‘ulot turini) o‘zgartirish zarur bo‘lsa;

ishsiz shaxs avvalgi kasbi bo‘yicha ish bajarish qobiliyatini yo‘qotgan bo‘lsa.

Ishsiz shaxslarni kasbga tayyorlash va qayta tayyorlash, ularning malakasini oshirish o‘quv yurtlarida mehnat organlarining yo‘llanmalari bo‘yicha Ish bilan ta’minlashga ko‘maklashuvchi davlat jamg‘armasining ana shu maqsadlar uchun nazarda tutilgan mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.

O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari O‘zbekiston Respublikasi hududidan tashqarida mehnat faoliyati bilan shug‘ullanish, mustaqil ish qidirish va ishga joylashish huquqiga ega.

O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini mamlakat hududidan tashqarida ishga joylashtirish Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi, fuqarolarni chet elda ishga joylashtirish bo‘yicha xo‘jalik hisobidagi mintaqaviy byurolar tomonidan amalga oshiriladi.

Chet el fuqarolarining O‘zbekiston Respublikasidagi mehnat faoliyati qonun hujjatlarida belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1995 yil 19 oktyabrdagi 408-son va 2003 yil 12 noyabrdagi 505-son qarorlariga, O‘zbekiston Respublikasida xorijiy ishchi kuchlarini jalb qilish va ulardan foydalanish tartibi to‘g‘risidagi nizomni qo‘llash tartibi haqidagi yo‘riqnomaga (ro‘yxat raqami 285, 20.11.1996 y.) muvofiq amalga oshiriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Mehnat Kodeksining 12 moddasiga muvofiq Chet ellik yuridik va jismoniy shaxslarga to‘liq yoki qisman tegishli bo‘lgan va O‘zbekiston Respublikasi hududida joylashgan korxonalarda O‘zbekiston Respublikasining mehnat to‘g‘risidagi qonun hujjatlari qo‘llaniladi.

O‘zbekiston Respublikasi Mehnat Kodeksining 15 moddasiga muvofiq quyidagilar ish beruvchilar bo‘lishi mumkin:

1) korxonalar, shu jumladan, ularning alohida tarkibiy bo‘linmalari o‘z rahbarlari timsolida;

2) mulkdorning o‘zi ayni bir vaqtda rahbar bo‘lgan xususiy korxonalar;

3) o‘n sakkiz yoshga to‘lgan ayrim shaxslar qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda.

O‘zbekiston Respublikasi Mehnat Kodeksining 57-moddasiga muvofiq, unumli va ijodiy mehnat qilishga bo‘lgan o‘z qobiliyatlarini tasarruf etish va qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan har qanday faoliyat bilan shug‘ullanish har kimning mutlaq huquqidir. Ixtiyoriy ravishda ish bilan band bo‘lmaslik javobgarlikka tortish uchun asos bo‘lolmaydi.

Har kim ish beruvchiga bevosita murojaat qilish yoki mehnat organlarining bepul vositachiligi orqali ish joyini erkin tanlash huquqiga egadir.

O‘zbekiston Respublikasi Mehnat Kodeksining 61-moddasiga muvofiq birinchi marta ish qidirayotgan, kasbi (mutaxassisligi) bo‘lmagan shaxslar uchun dastlabki kasb tayyorgarligini talab qilmaydigan ish, bunday ishni topib berish imkoniyati bo‘lmagan taqdirda esa, ularning yoshi va boshqa xususiyatlarini hisobga olgan holda haq to‘lanadigan boshqa ish, shu jumladan vaqtinchalik ish maqbul keladigan ish deb hisoblanadi. 
Ishdan va ish haqidan (mehnat daromadidan) mahrum bo‘lgan shaxslar uchun ularning kasb tayyorgarligiga mos bo‘lgan, yoshini, sog‘lig‘i holatini, mehnat stajini va avvalgi mutaxassisligi bo‘yicha tajribasini, yangi ish joyining transportda qatnash jihatidan qulayligini inobatga oluvchi ish maqbul keladigan ish deb hisoblanadi.
Shuningdek, Mehnat Kodeksi 65-moddasining ikkinchi qismida nazarda tutilgan ishsizlik nafaqasini olish davri tugaganidan so‘ng kasbi (mutaxassisligi) bo‘yicha ish topib berish mumkin bo‘lmagan taqdirda, ishsiz shaxsning qobiliyatini, uning sog‘lig‘i holatini, oldingi ish tajribasini va uning uchun qulay bo‘lgan o‘qitish vositalarini inobatga olgan holda kasbini (mutaxassisligini) o‘zgartirishni talab qiladigan ish maqbul keladigan ish deb hisoblanishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Mehnat Kodeksining 63-moddasiga muvofiq, maqbul keladigan deb hisoblanmaydigan ishlar agar:

  • ish yashash joyini o‘zgartirish bilan bog‘liq bo‘lsa;
  • taklif etilgan ish doimiy yashash joyidan ancha uzoq bo‘lsa va transportda qatnash jihatdan qulay bo‘lmasa. Ish joyining transportda qatnash jihatdan qulayligi (yo‘l qo‘yilishi mumkin bo‘lgan uzoqligi) mazkur joydagi jamoat transporti tarmog‘ining rivojlanganligi hisobga olingan holda mahalliy davlat hokimiyati organi tomonidan belgilanadi;
  • taklif etilgan ishni rad etish ishsiz shaxsning sog‘lig‘i holatiga, uning yoshiga va boshqa uzrli sabablarga ko‘ra mavjud moneliklarga asoslangan bo‘lsa, bunday ish maqbul keladigan ish deb hisoblanishi mumkin emas.

O‘zbekiston Respublikasi Mehnat Kodeksining 65-moddasiga muvofiq, ishsizlik nafaqasi ishsiz deb e’tirof etilgan shaxsga u ish qidirayotgan shaxs sifatida mahalliy mehnat organida ro‘yxatdan o‘tgan kundan e’tiboran tayinlanadi. Qaramog‘ida uchtagacha kishi bo‘lgan, o‘ttiz besh yoshga to‘lmagan ishsiz erkakka ishsizlik nafaqasi u haq to‘lanadigan jamoat ishlarida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan tartibda ishtirok etgan taqdirda tayinlanadi. Ishsiz shaxsning nafaqa olish huquqi u ish qidirayotgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tgan paytdan boshlab kechi bilan o‘n birinchi kundan e’tiboran kuchga kiradi.

Ishsizlik nafaqasi ko‘pi bilan:

  • ishdan va ish haqidan (mehnat daromadidan) mahrum bo‘lgan yoki uzoq (bir yildan ortiq) tanaffusdan keyin mehnat faoliyatini qayta boshlashga harakat qilayotgan shaxsga o‘n ikki oylik davr mobaynida yigirma olti kalendar hafta;
  • ilgari ishlamagan va birinchi marta ish qidirayotgan shaxsga esa o‘n uch kalendar hafta mobaynida to‘lanadi.


Ishsiz ishsizlik nafaqasini olish davrida ish qidirishi va har ikki haftada kamida bir marta mahalliy mehnat organiga ishga yoki kasbga tayyorlashga, qayta tayyorlashga, malakasini oshirishga yo‘llanma olish uchun murojaat qilishi shart.

O‘zbekiston Respublikasi Mehnat Kodeksining 77-moddasiga muvofiq, ishga qabul qilishga o‘n olti yoshdan yo‘l qo‘yiladi.

Yoshlarni mehnatga tayyorlash uchun umumta’lim maktablari, o‘rta maxsus, kasb-hunar o‘quv yurtlarining o‘quvchilarini ularning sog‘lig‘iga hamda ma’naviy va axloqiy kamol topishiga ziyon yetkazmaydigan, ta’lim olish jarayonini buzmaydigan yengil ishni o‘qishdan bo‘sh vaqtida bajarishi uchun — ular o‘n besh yoshga to‘lganidan keyin ota-onasidan birining yoki ota-onasining o‘rnini bosuvchi shaxslardan birining yozma roziligi bilan ishga qabul qilishga yo‘l qo‘yiladi.

O‘n sakkiz yoshga to‘lmagan shaxslarni ishga qabul qilish ushbu Kodeksning 241-moddasida nazarda tutilgan talablarga rioya etilgan holda amalga oshiriladi.