Call-Markaz
On-line Maslahatchi
Bizni topish
Savollar va javoblar
Yangiliklarga obuna
Sayt bo‘yicha qo‘llanma
Kam ta’minlangan oilalarga ijtimoiy nafaqalar va moddiy yordam tayinlash va to‘lash tartibi yuzasidan

O'zbekiston Rsepublikasi Prezidentining «Kam ta'minlangan oilalarni ijtimoiy himoyalashni kuchaytirishga oid tadbirlar to'g'risida» 1994 yil 23 avgust, PF-938-son Farmoni. 

Fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organlari tomonidan 14 yoshgacha bolalari bo'lgan oilalarga nafaqa, bola ikki yoshga to'lgunga qadar bola parvarishi bo'yicha nafaqa va kam ta'minlangan oilalarga moddiy yordam tayinlash va to'lash tartibi O'zbekiston Rsepublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013 yil 15 fevraldagi 44-son qarori bilan tasdiqlangan. 

O'zbekiston Rsepublikasi Vazirlar Mahkamasining «Ijtimoiy nafaqalarni tayinlash va to'lash tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida» 12.12.2012 yil 350 sonli qarori

Kam ta'minlangan oilalarga ijtimoiy nafaqalar va moddiy yordamning quyidagi turlari mavjud: 
14 yoshgacha bolalari bo'lgan oilalarga nafaqa; 
bola ikki yoshga to'lgunga qadar bola parvarishi bo'yicha nafaqa; 
kam ta'minlangan oilalarga moddiy yordam.

 

a) 14 yoshgacha bolalari bo'lgan oilalarga nafaqa miqdori eng kam oylik ish haqining: 
bir nafar farzandi bo'lsa – eng kam oylik ish haqining 50 foizi; 
ikki nafar farzandi bo'lsa – eng kam oylik ish haqining 80 foizi; 
uch nafar va undan ortiq farzandlari bo'lgan oilaga – eng kam oylik ish haqining 100 foizi miqdorida 6 oy muddatga tayinlanadi va to'lanadi. 
b) bola ikki yoshga to'lgunga qadar bola parvarishi bo'yicha nafaqa eng kam oylik ish haqining ikki baravari miqdorida 12 oy muddatga tayinlanadi va to'lanadi, biroq bola ikki yoshga to'lgan oydan keyingi oyga o'tmasligi kerak. 
v) kam ta'minlangan oilalarga moddiy yordam puli oilaning moddiy va mulkiy ahvoliga qarab, amaldagi eng kam oylik ish haqining 1,5 dan 3 baravarigacha miqdorda 6 oy muddatga tayinlanadi va to'lanadi.

Bolali oilalarga nafaqa, bola parvarishi bo'yicha nafaqa va moddiy yordam har bir oila a'zosiga o'rtacha oylik jami daromad miqdori jami daromad aniqlanayotgan davr uchun belgilangan eng kam oylik ish haqining 1,5 baravardan ortiq bo'lmagan oilalarga tayinlanadi.
Bolali oilalarga nafaqa, bola parvarishi bo'yicha nafaqa yoki moddiy yordam tayinlash uchun ariza oila ushbu nafaqa yoki moddiy yordamni olish istagi bo'lgan oydan oldingi oyning 15-sanasidan kechiktirmay beriladi. YakorBolali oilalarga nafaqa, bola parvarishi bo'yicha nafaqa va moddiy yordam tayinlash to'g'risidagi ariza belgilangan shakl bo'yicha fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organi raisi nomiga beriladi.
Alohida hollarda, oilada muomalaga layoqatli a'zolar bo'lmagan taqdirda nafaqa va moddiy yordam oila a'zolarining yozma arizasisiz fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organi raisining taqdimnomasi bo'yicha tayinlanishi mumkin.
Ijtimoiy nafaqa va moddiy yordam tayinlash to'g'risidagi ariza uch bosqichda ko'rib chiqiladi.
Birinchi bosqichda maxsus komissiya ariza berilgan sanadan boshlab uch kun muddatda ariza beruvchi tomonidan fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organiga taqdim etilgan ma'lumotlar asosida oilaning a'zosiga to'g'ri keladigan o'rtacha oylik jami daromad miqdorini aniqlaydi.
Agar oila a'zosiga to'g'ri keladigan o'rtacha oylik jami daromad miqdori eng kam oylik ish haqining 1,5 baravaridan kam bo'lsa, maxsus komissiya oilaning moddiy va mulkiy holatini tekshirish sanasini belgilaydi.

Ikkinchi bosqichda maxsus komissiya ariza berilgan sanadan boshlab o'n kun muddatda oilaning moddiy va mulkiy holatini o'rganib chiqadi, shundan keyin tegishli nafaqa yoki moddiy yordamni tayinlash yoki tayinlashni rad etish to'g'risidagi xulosani fuqarolar yig'iniga yoki Komissiyaga kiritadi.

Uchinchi bosqichda ariza berilgan oyning oxirgi kunidan kechikmay, maxsus komissiyaning xulosasi inobatga olingan holda, ariza tegishli nafaqa yoki moddiy yordamni tayinlash va to'lash yoki tayinlashni rad etish to'g'risidagi masalalarni hal etish uchun fuqarolar yig'ini yoki Komissiya tomonidan ko'rib chiqiladi.

Kam ta'minlangan oilalar tomonidan belgilangan shakl bo'yicha fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organi raisi nomiga ariza bilan birga:
belgilangan shakl bo'yicha oilaning tarkibi va daromadlari to'g'risidagi ma'lumotlar hamda ushbu daromadlarni tasdiqlovchi hujjatlar;
bolali oilalarga nafaqa yoki bola parvarishi bo'yicha nafaqa olish uchun – bolalarning tug'ilganlik to'g'risidagi guvohnomalari nusxalari;
agar bolalar vasiylikka olingan bo'lsa – vasiylik va homiylik organining qaroridan ko'chirma taqdim etiladi.
Bundan tashqari ariza beruvchining xohishiga ko'ra, oilaning ehtiyojmandligini tasdiqlovchi boshqa hujjatlar ham ilova qilinishi mumkin.
Bolali oilalarga nafaqa, bola parvarishi bo'yicha nafaqa, moddiy yordam tayinlash to'g'risidagi qaror fuqarolar yig'ini (Komissiya) tomonidan ochiq ovoz berish yo'li bilan qabul qilinadi. To'lov nafaqa va moddiy yordam oluvchining yashash joyi bo'yicha Xalq bankining filiallari tomonidan amalga oshiriladi.
Quyidagi oilalar ijtimoiy nafaqa va moddiy yordam olishda ustunlik huquqiga ega:
ota-onasining ikkisini ham yo'qotgan, bolalar tarbiyasi bilan esa qarindoshlar shug'ullanayotgan oilalar;
ota-onalardan biri yoki har ikkisi ham nogiron bo'lgan oilalar;
14 yoshgacha bo'lgan ikki va undan ortiq bolalarni tarbiyalayotgan, boshqa qarindoshlardan alohida yashayotgan beva ayollar (beva erlar);

nogiron bolasi (bolalari) bo'lgan oilalar;

bolani (bolalarni) to'liq bo'lmagan oilada tarbiyalayotgan onalar (otalar);

ota-onalardan biri yoki har ikkisi ishsiz bo'lgan va ish izlovchi sifatida bandlikka ko'maklashish markazlarida hisobda turgan oilalar;

yolg'iz pensionerlar.

O'rtacha oylik jami daromad miqdorini hisoblab chiqishda hisobga olinadigan oilaning jami daromadiga, oila a'zolari tomonidan olingan quyidagi daromadlar kiritiladi:
mehnatga haq to'lash shaklidagi daromadlar; mulkiy daromadlar;
yakka tartibdagi tadbirkorning daromadi;
chet elda ishlaydigan yoki tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirayotgan oila a'zolaridan pul tushumlari summasi;
pensiyalar, stipendiyalar va nafaqalar (ushbu Nizomda nazarda tutilgan tartibda oila olayotgan nafaqa yoki moddiy yordamdan tashqari);
shaxsiy yordamchi (dehqon) xo'jaligini yuritishdan olingan daromad;
O'zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida belgilangan boshqa daromadlar.